Prezident Shavkat Mirziyoyev yangi chaqiriq Oliy Majlis Senatining birinchi majlisida ishtirok etib, senatorlarni saylovlardagi g‘alabalari bilan samimiy tabrikladi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, yangi tarkib yuqori sifat darajasida shakllangan bo‘lib, yetakchi sohalar mutaxassislari va taniqli ilmiy hamda madaniy arboblarni o‘z ichiga oladi. Senatorlarning 27 foizi ayollar bo‘lib, bu ijtimoiy masalalar, xususan, oila va xotin-qizlar huquqlarini himoya qilishda muhim qadam bo‘lishi ta’kidlandi.
Mamlakatimizda bo‘lib o‘tgan saylovlar mahalliy Kengashlar faoliyatida yangi davrni boshlab berdi. Yangi tarkibning 60 foizi yangilandi, 3 mingdan ortiq fuqarolar ilk bor deputatlikka saylandi. Ayniqsa, ayol deputatlar ulushi 32 foizga, yosh deputatlar esa 3,5 baravarga oshgani yangi yondashuvlar uchun mustahkam poydevor yaratmoqda.
Oxirgi besh yilda yuqori palata tomonidan 106 marta hisobotlar eshitildi, ijro organlariga 1 ming 300 ta soʻrov kiritildi.
Senat Osiyo xotin-qizlar forumi, Markaziy Osiyo davlatlari parlamentlararo forumi kabi yirik xalqaro tadbirlarga mezbonlik qildi. Parlamentlararo Ittifoqning 150-assambleyasi, ya’ni yubiley anjumani kelgusi yili poytaxtimizda oʻtkazilishi ham alohida e’tiborga loyiq.
Senatda davlatlararo kelishuvlar ijrosi ustidan parlament nazoratini ta’minlash boʻyicha ilk bor ijobiy amaliyot yoʻlga qoʻyilgani ta’kidlandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq prezident Senat a’zolarini tayinlagani haqida batafsil yozgan edik.