AQSh Adliya vazirligi Google kompaniyasiga Chrome brauzerini sotish talabini qo‘yishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Bloomberg axborot agentligi ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, bu qadam Google’ning qidiruv bozoridagi monopoliyasini buzishga qaratilgan. Vazirlik sudyadan Google’ning sun’iy intellekt (SI) va Android operatsion tizimiga oid faoliyatini ham qayta ko‘rib chiqishni talab qilishi mumkin.
Google Chrome dunyodagi eng ommabop brauzer bo‘lib, AQShda bozor ulushining 61 foizini egallaydi. Bu brauzer orqali foydalanuvchilarni Google qidiruv tizimiga yo‘naltirish va ma’lumotlarini reklama maqsadlarida ishlatish imkoniyati kompaniya daromadlarining asosiy qismi hisoblanadi. AQSh Adliya vazirligi bu imkoniyatlarni cheklash uchun Chrome’ni mustaqil kompaniyaga aylantirishni taklif qilmoqda.
Biroq bu qaror Google uchun jiddiy moliyaviy va texnologik oqibatlarga olib kelishi mumkin. Kompaniya vakillari buni «iste’molchilar va texnologik rivojlanishga zarar yetkazuvchi radikal chora» deb atamoqda. Shu bilan birga, taklif etilgan choralar sun’iy intellekt sohasidagi raqobatni rivojlantirishga yordam berishi mumkin.
Sud jarayoni davom etmoqda va oxirgi qaror 2025-yilga qadar qabul qilinishi kutilmoqda. Agar sud berilgan takliflarni ma’qullasa, bu nafaqat Google’ni, balki butun texnologik bozorni o‘zgartirishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Amazon va Google yadroviy energiyaga investitsiya kiritishi haqida yozgan edik.