Yangiliklar

Hokim yordamchilari imtiyozli kreditni talon-toroj qilgan

DXX
Mansabdorlarga nisbatan Jinoyat kodeksiga muvofiq ish qo‘zg‘atildi
Foto: Depositphotos.com

Qoraqalpog‘iston va Buxoroda imtiyozli kreditni talon-toroj qilgan hokim yordamchilariga jinoyat ishi ochildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) matbuot xizmati xabar berdi.

Qoraqalpog‘istonning Ellikqal’a tumanida hokim yordamchisi 33 kishiga 1,88 mlrd imtiyozli kredit ajratishga erishgan. Shundan so‘ng ushbu pul mablag‘larini o‘zlashtirgan.

Yana bir holat, Buxoro viloyatining G‘ijduvon tumanida ham hokim yordamchisi 26 kishiga chiqarilgan 821 mln so‘m kreditni talon-toroj qildi.

Holat yuzasidan DXX xodimlari va Bosh prokuratura huzuridagi Departament o‘tkazgan tekshiruvda har ikki mansabdor gumonlanuvchi sifatida qo‘lga olingan.

Ellikqal’a tumanidagi holat bo‘yicha hokim yordamchisi kreditga olingan pullarni go‘yoki turli xil mahsulotlar xarid qilish uchun, tashkil etilgan MCHJ hisob raqamiga o‘tkazgan va naqdlashtirish orqali talon-toroj qilgan.

Bundan tashqari, u turmush o‘rtog‘i va singlisi nomiga olingan jami 65,9 mln so‘m kreditni ham maqsadsiz sarflab yuborgan.

Mazkur holat yuzasidan shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 167 (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 228-moddalari (Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

G‘ijduvondagi holat bo‘yicha mahallalardan biridagi hokim yordamchisi 26 nafar fuqaroga yirik va mayda shoxli chorva mollari sotib olishlari uchun imtiyozli kredit rasmiylashtirish maqsadga muvofiqligi to‘g‘risida tavsiyanoma rasmiylashtirgan. Ular nomiga bankdan jami 821,8 mln so‘m kredit chiqarilgan, hokim yordamchisi esa ushbu pul mablag‘larini barchasini talon-toroj qilgan.

Ushbu shaxsga nisbatan hozirda Jinoyat kodeksining 167 (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 209-moddalari (Mansab soxtakorligi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq «Kursiv» O‘zbekistonda aeroportlarga ishga joylashishga oid firibgarlik holatlari aniqlangani haqida xabar bergan edi.