Shavkat Mirziyoyev Senat oldida turgan muhim vazifalarni belgilab berdi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi.
Hududlarning oʻziga xos xususiyatlari va ehtiyojlarini inobatga olib, qonunchilik faoliyatini takomillashtirish, mahalliy Kengashlar qarorlari qonunchilikka muvofiq boʻlishini ta’minlash, shuningdek, kengashlarning faoliyatiga har tomonlama yordam berish Senatning asosiy vazifalari sifatida qayd etildi.
Prezidentning ta’kidlashicha, hokimlar endilikda kengash raisi boʻlmasligi islohoti aholini qiynayotgan masalalarni yanada samarali hal etishga zamin yaratadi. 2025-yildan boshlab yer, mol-mulk va aylanma soliqlari mahalliy byudjetlarda qoldirilishi natijasida hududlar mustaqilligini oshirishga imkon beradi.
Senat bu jarayonlarni tizimli ravishda nazorat qilib, mahalliy Kengashlar faoliyatini shaffoflik va qonuniylik asosida tashkil etishda asosiy mas’uliyatni oʻz zimmasiga oladi.
Shuningdek, toʻrt yil ichida kambagʻallik darajasi 23 foizdan 11 foizga tushirildi, 3,5 mln fuqaro uchun daromad olish imkoniyati yaratildi.
Kelgusi yilda bu maqsadlar uchun davlat byudjetidan 500 mlrd soʻm ajratilishi, kambagʻallikni 7 foizga tushirish rejalashtirilgan. Shuningdek, 65 turdagi xizmatlarni qamrab oladigan yagona «Ijtimoiy karta» tizimi joriy qilinadi.
Sogʻligini yoki daromadini yoʻqotgan fuqarolarni qoʻllab-quvvatlash uchun yangi qonunlar, jumladan, «Ijtimoiy sugʻurta toʻgʻrisida»gi qonun qabul qilinadi. Bu chora-tadbirlar aholining ijtimoiy farovonligini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Senatorlar vakolati kengaytirilgani haqida yozgan edik.