Mikromoliya tashkilotlari va lombardlar tomonidan ajratilgan kreditlar hajmi 79 foizga oshdi

eʼlon qilindi
Joriy yilning yanvar–sentabr oylarida
Foto: Kursiv Uzbekistan

Joriy yilning yanvar–sentabr oylarida mikromoliya tashkilotlari va lombardlar tomonidan jami 11 trln soʻm miqdorida kreditlar ajratilib, kreditlash miqdori oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 79 foizga oshgan. Bu haqda Markaziy bank hisobotida maʼlum qilindi.

Maʼlum qilinishicha, bunda kreditlashning 84 foizi mikromoliya tashkilotlari va 16 foizi miqdoridagi kreditlash lombardlar hissasiga toʻgʻri kelgan. Mikromoliya tashkilotlari va lombardlar tomonidan ajratilgan kreditlarning 9,9 trln soʻmi yoki 93 foizi jismoniy shaxslarga va 716 mlrd soʻmi yoki 7 foizi yuridik shaxslarga ajratilgan kreditlar hissasiga toʻgʻri keladi.

Jismoniy shaxslar uchun ajratilgan kreditlar hajmi ham oshib, 10 million soʻmgacha boʻlgan kreditlar ulushi 39 foizga yetdi.

Shuningdek, mikromoliya tashkilotlari va lombardlarning aktivlari 2024-yilning 1-oktabriga kelib, 7 trillion soʻmga yetdi. Aktivlarning 94 foizi kredit qoʻyilmalari hisobiga shakllandi.

Joriy yilning III choragida mikromoliya tashkilotlarining kapitali 1,4 baravar, lombardlar kapitali esa 1,3 baravar oʻsdi.

Shu bilan birga, joriy yilning 1-oktabr holatiga lombardlarda aktivlar rentabellik koʻrsatkichi (ROA) 57,2 foiz va kapital rentabellik koʻrsatkichi (ROE) 52,5 foizni tashkil etib, ushbu koʻrsatkichlar joriy yilning oʻtgan davrida mos ravishda 57-59 foiz va 51-53 foiz oraligʻida shakllangan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan 7 ta bank va 2 ta mikromoliya tashkilotiga nisbatan jarima sanksiyasi qoʻllanilgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek