Yangiliklar

O‘zbekiston korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha Markaziy Osiyoda yetakchi

Mamlakatimiz 2023-yilda «Korrupsiyaning mavjud emasligi» bo‘yicha 66-oʻrinni egallagan
Foto: Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov

Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis Senatining birinchi majlisida ijtimoiy adolat va korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha ustuvor yoʻnalishlar haqida so‘zladi. Bu haqda davlat rahbari matbuot kotibi ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, nogironligi boʻlgan shaxslar uchun ijtimoiy xizmatlar kengaytirilmoqda. Imkoniyati cheklangan bolalar umumta’lim maktablarida ta’lim olishi uchun toʻsiqsiz muhit va maxsus mutaxassislar jalb qilinadi.

Bolalarga nisbatan zoʻravonlikka qarshi kurash prezident nazoratida boʻlib, bu borada yangi qonuniy choralarning kuchaytirilishi ta’kidlandi.

O‘tgan yilda mamlakat «Korrupsiyaning mavjud emasligi» boʻyicha 66-oʻrinni egallab, Markaziy Osiyoda yetakchilik qildi. Shu bilan birga, bu sohada parlament nazoratini kuchaytirish va jamiyatda murosasizlik muhitini shakllantirish dolzarb masala sifatida belgilandi.

Sud tizimining mustaqilligini ta’minlash uchun Senatning yangi vakolatlari va qoʻmitalarda nomzodlarni chuqur baholash tizimi yoʻlga qoʻyiladi. Bu yondashuv qonun ustuvorligi va adolatni mustahkamlashga xizmat qiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq kambag‘allikni qisqartirish uchun 500 milliard soʻm ajratilishi haqida yozgan edik.