Yangiliklar

O‘zbekiston va Qirg‘iziston to‘lov tizimlari integratsiya qilinadi

Bu orqali chet elda to‘lov qilish imkoniyati kengayadi
Foto: Samsonovs/Depositphotos.com

Oʻzbekistonning Uzcard milliy toʻlov tizimi va Qirgʻizistonga tegishli Elkart integratsiyasi ikki bosqichda amalga oshiriladi. Bu haqda Trend Qirgʻiziston Respublikasi banklararo protsessing markaziga tayanib ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, O‘zbekiston va Qirg‘iziston milliy to‘lov tizimlari o‘rtasida hamkorlik haqida memorandum imzolangan. Ushbu kelishuv ikki davlat o‘rtasida yagona to‘lov ekotizimini yaratishga qaratilgan.

Hamkorlik bir necha bosqichda amalga oshiriladi. Birinchi bosqichda, Uzcard va Elkart kartalari o‘rtasida pul o‘tkazmalari qilish imkoniyati yaratiladi. Ikkinchi bosqichda esa, bankomatlar orqali naqd pul yechish va POS-terminallar orqali xaridlarni amalga oshirish imkoniyati joriy etiladi.

Loyihada zamonaviy texnologiyalar qo‘llanilib, ma’lumotlarning xavfsizligi va tranzaksiyalarning tezkorligini ta’minlash maqsad qilingan. Bu ikki davlat o‘rtasidagi savdo, turizm va iqtisodiy hamkorlikka yangi imkoniyatlar ochib beradi.

Milliy kartalar orqali chet elda to‘lov qilish imkoniyatining kengayishi, naqd pulsiz operatsiyalar hajmini oshirib, o‘zaro moliyaviy va iqtisodiy aloqalarni yanada mustahkamlashi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Hindiston toʻlov tizimi Humo va Uzcard bilan integratsiyani rejalashtirayotgani haqida yozgan edik.