Yangiliklar

OTB O‘zbekistonning iqtisodiy o‘sishini qo‘llab-quvvatlash uchun $250 mln ajratdi

Bu haqda OTB matbuot xizmati Kursiv Uzbekistan'ga xabar berdi
Foto: OTB

Joriy yilning 19-noyabr kuni Osiyo Taraqqiyot Banki (OTB) O‘zbekistonning yashil, barqaror va inklyuziv iqtisodiy o‘sishini qo‘llab-quvvatlash maqsadida $250 mln miqdorida qarz ajratishni ma’qulladi. Bu haqda OTB matbuot xizmati Kursiv Uzbekistan’ga xabar berdi.

Ushbu mablag‘ O‘zbekiston hukumatining iqlim o‘zgarishiga moslashish va bu borada strategik chora-tadbirlarni amalga oshirishini tezlashtirishga yordam beradi.

OTBning ushbu dasturi O‘zbekiston hukumatining 2030-yilgacha issiqxona gazlari chiqindilarini 35 foizga kamaytirish maqsadlarini qo‘llab-quvvatlaydi. Bunda qayta tiklanadigan energiya manbalarini rivojlantirish va energiya samaradorligini oshirish asosiy vazifa bo‘ladi.

«Dastur ayni paytda aholining yordamga muhtoj qatlamlarini qoʻllab-quvvatlagan holda, iqtisodiyotni karbonsizlantirish va tabiiy ofatlar va iqlim oʻzgarishiga chidamlilikni oshirishga ustuvor ahamiyat beradi»,— dedi OTBning Markaziy va G‘arbiy Osiyo bo‘yicha bosh direktori Yevgeniy Jukov.

Shuningdek, suv xavfsizligi va cho‘llanish muammosiga qarshi kurashish uchun suv resurslarini samarali boshqarishga qaratilgan islohotlar ham qo‘llab-quvvatlanadi.

O‘zbekiston OTBga a’zo bo‘lganidan beri bank $12,5 milliardlik qarz, grant va texnik yordam ko‘rsatgan. Ushbu yangi dastur hukumatning iqlim muammolariga qarshi kompleks choralar ko‘rish salohiyatini oshirishga qaratilgan.

Avvalroq «Kursiv» OTB O‘zbekiston uchun $5 milliardlik besh yillik strategiyani qabul qilgani haqida yozgan edi.