Joriy yilning III choragida respublika boʻyicha biznes muhiti ijobiy tendensiyalarni davom ettirdi. Tadbirkorlar orasida oʻtkazilgan soʻrovnomaga koʻra, ishtirokchilarning 57 foizi biznes muhiti yaxshilanganini ta’kidladi. Bu haqda Markaziy bank hisobotida ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, bank xizmatlari sifati, kredit olish imkoniyatlari va litsenziya olish jarayonlarining soddalashuvi tadbirkorlik muhitini yaxshilashga ijobiy taʼsir koʻrsatgan. Oʻz navbatida, bojxona tariflari, soliq maʼmurchiligi, monopollashuv darajasi va energiya taʼminoti sohalarida sezilarli oʻzgarishlar kuzatilmagani ta’kidlandi.
Shuningdek, qoʻshimcha ishchi kuchiga boʻlgan talabda ayrim hududlarda oʻsish kuzatildi, ayniqsa, Samarqand va Andijon hududlarida. Turizm, maishiy xizmatlar va ishlab chiqarish sohalarida ishchi kuchiga boʻlgan talabning ortishi kuzatildi.
Tadbirkorlar uchun kreditlarga boʻlgan ehtiyoj barqaror darajada saqlanib qolgan. Kelgusi chorakda kredit ehtiyoji Samarqand, Jizzax va Toshkent shaharlarida koʻpayishi prognoz qilinmoqda.
Hududlar boʻyicha Toshkent, Fargʻona, Buxoro, Navoiy, Samarqand, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida tadbirkorlar biznes muhitini yaxshilangan deb baholashgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan mikromoliya tashkilotlari va lombardlar tomonidan ajratilgan kreditlar hajmi 79 foizga oshgani haqida xabar bergan edi.