Marsni zabt etishi rejalashtirilayotgan SpaceX Starship kosmik kemasining oltinchi sinov parvozi muvaffaqiyatli yakunladi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.
Kemaning ishga tushirish jarayoni 20-noyabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 03:00 da, Texasdagi Starbase maydonchasida Starship S31 kosmik kemasi va Super Heavy B13 uchirish raketasi tarkibida amalga oshirildi.
Ma’lum qilinishicha, barcha dvigatellar normal ishladi, uchirilgandan 2 daqiqa 39 soniya o‘tib bosqichlar «issiq ajralish» rejimida almashdi. Super Heavy B13 suvga qo‘ndi, Starship S31 esa hisoblangan suborbital trayektoriyaga chiqdi.
Shundan so‘ng, ilk bor kosmosda Raptor dvigatellaridan biri qayta ishga tushirildi. Taxminan 20 daqiqa o‘tib, Starship S31 Hind okeaniga muvaffaqiyatli qo‘ndi.
«Qo‘nish tasdiqlandi! SpaceX jamoasini Starship’ning hayajonli oltinchi parvoz sinovi bilan tabriklaymiz!», – deb yozdi SpaceX kompaniyasi matbuot xizmati X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida.
Starship’ning oltinchi sinov parvozini SpaceX rahbari Ilon Mask yangi saylangan AQSh prezidenti Donald Tramp bilan birgalikda kuzatdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kursiv Uzbekistan NASA X-59 ovozsiz supersonik samolyotining birinchi parvozi uchun tayyorgarlik ko‘rmoqdaligi haqida xabar bergan edi.