Avto

UzAuto Motors: Chevrolet Cobalt mexanik uzatmali modeli sotuvdan olinmadi

Kompaniya media vakillari va blogerlarga tasdiqlanmagan ma’lumotlarni tarqatmaslikni so‘radi
Foto: avto.ru

O‘zbekistonda Chevrolet Cobalt mexanik uzatmali avtomobili (MT) sotuvdan olindi, degan xabarlar ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi. UzAuto Motors kompaniyasi ushbu ma’lumotni asossiz (feyk) ekanini e’lon qildi.

Kompaniya rasmiy bayonotida Chevrolet Cobalt MT avtomobilini ishlab chiqarish to‘xtatilishi haqida hech qanday rasmiy e’lon qilinmaganini ta’kidladi. Shuningdek, media vakillari va blogerlarga tasdiqlanmagan xabarlarni tarqatmaslikni tavsiya etdi.

Ta’kidlash joizki, savdo.uzavtosanoat.uz elektron platformasida ayni vaqtda sotuvda Chevrolet Cobalt modeli mavjud emas. UzAuto Motors ushbu model uchun yangi shartnomalar ochilish sanasini hali e’lon qilmagan. Hozirgi kunda Cobalt’ga o‘xshash avtomobillar orasida faqat Onix uchun shartnoma tuzish mumkin (2024-yil 20-noyabr holatiga ko‘ra).

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri yangi ko‘rinishdagi Chevrolet Cobalt avtomobilining narxlari haqida ma’lumot bergan edi.