Avstraliya hukumati ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilarining yoshini cheklovchi qonunni qabul qildi. Bu haqda TASS agentligi xabar berdi.
Ushbu Qonunning qabul qilinishi borasida bosh vazir Entoni Albanese rasmiy bayonot berdi. Uning ta’kidlashicha, mazkur qonun 16 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlarning ijtimoiy tarmoqlarga kirmasligini belgilab beradi.
«U joriy onlayn xavfsizlik qonunchiligiga o‘zgartirishlar kiritadi, bu yosh avstraliyaliklarni rivojlanishning muhim bosqichlarida ko‘proq himoya qilishni ta’minlaydi», – deyiladi bayonotda.
Bundan tashqari, vazir mamlakat hukumati texnologiya kompaniyalari va ijtimoiy tarmoq ma’muriyatlaridan 16 yoshgacha bo‘lgan foydalanuvchilar akkaunt va sahifalar yarata olmasligini ta’minlash uchun oqilona choralar ko‘rishni talab qilishini ta’kidlagan.
«Hukumat yangi qonunni buzgani uchun qattiq jazo choralarini ko‘radi, raqamli platformalar esa $49,5 mln.dan (Avstraliya dollari) ortiq jarimaga tortiladi», – dedi hukumat rahbari.
Yangi qoidalarga Snapchat, TikTok, Instagram ijtimoiy tarmoqlari kirishini ta’kidladi. Google Classroom va YouTube va xabar almashish va onlayn o‘yinlar esa bolalar uchun mavjud bo‘lib qoladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq «Kursiv» O‘zbekistonda «Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida»gi yangi qonun qabul qilingani haqida xabar bergan edi.