Raqobat qo‘mitasi biologik faol qo‘shimchalar bo‘yicha ogohlantirish berdi
Joriy yilda Raqobat qoʻmitasiga biologik faol qo‘shimchalar (BFQ) va shu kabi mahsulotlardan foydalanish natijasida salomatligi yomonlashgani haqida mingga yaqin murojaatlar kelib tushgan. Iste’molchilarga yetkazilgan zarar uchun 118 mln soʻm qoplab berilgan. Bu haqda qo‘mita axborot xizmati xabar berdi.
Ijtimoiy tarmoqlar va Telegram messenjerida ovqatga qoʻshiladigan biologik faol qoʻshimchalar, malhamlar, damlamalar va suvlarni turli kasalliklarni davolash yoki oldini olish uchun samarali vosita sifatida reklama qilish holatlari kuzatilmoqda.
Ba’zi reklamalarda «moʻjizakor» yoki «ming bir xastalikka davo» kabi yolgʻon va boʻrttirilgan iboralardan foydalaniladi. Shuningdek, taniqli shaxslar yoki diniy blogerlarning tavsiyalari orqali iste’molchilarning ishonchi oshirilmoqda. Bu esa koʻpincha an’anaviy davolashdan voz kechishga va oʻz-oʻzini davolashga olib keladi.
«Reklama toʻgʻrisida»gi Qonunga koʻra, BFQlar reklama qilinishida quyidagi qoidalarga rioya qilinishi shart:
- Ular dori vositasi sifatida koʻrsatilmasligi;
- Davolash xususiyatiga ega ekani haqida ta’kidlanmasligi;
- Shaxsiy tajriba yoki minnatdorlikka asoslangan ma’lumotlar keltirilmasligi.
Raqobat qoʻmitasi reklama qonunchilikka zid tarzda yaratilgan hollarda, bu uchun javobgarlik borligini eslatib oʻtdi. Qonun buzilishi holatlarida bazaviy hisoblash miqdorining 30 baravarigacha jarima solinishi mumkin.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 358 ta noqonuniy biofaol qo‘shimchalar va oziq-ovqat reklamalari aniqlangani haqida yozgan edi.