Bozor ishtirokchilari litiy narxining arzonlashishini prognoz qilmoqda
Dunyoda litiy narxlari tushishda davom etmoqda. Bu haqda akkumulyatorlar uchun metall ishlab chiqaruvchi eng yirik kompaniyalardan biri hisoblangan Chilining SQM kompaniyasi ma’lum qildi, deya xabar bermoqda Bloomberg agentligi.
SQM kompaniyasining ma’lumotiga koʻra, 2024-yilning uchinchi choragida litiy narxlari avvalgi uch oyga nisbatan 24 foizga tushgan. Kompaniya foydaning keskin kamayganini ma’lum qildi. Kelajakda metall narxi yanada arzonlashishi kutilmoqda.
Litiy narxining pasayishi bozorning haddan tashqari to‘yingani bilan bog‘liq. Hatto Xitoy iqtisodiyotining biroz tiklanishi ham bu muammoni hal qilishga yordam bermaydi.
«Talab tez sur’atlar bilan o‘sishda davom etayotgan bo‘lsa-da, bu asosan Xitoyda elektromobil sotuvining o‘sishi bilan bog‘liq. Biz vaqtinchalik ortiqcha taklif tufayli narx bosimini ko‘rishda davom etamiz», – dedi SQM bosh direktori Rikardo Ramos.
Ma’lumot uchun, Sociedad Química y Minera de Chile (SQM) Chili kompaniyasi hisoblanadi. Litiy ishlab chiqarishdan tashqari sanoat kimyoviy moddalari yetkazib berish bilan ham shug‘ullanadi. Asosiy ishlab chiqarish quvvatlari Atakama cho‘lida joylashgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 2023-yilning avgust oyida litiy narxi 2021-yildan beri eng past darajaga tushgani haqida yozgan edi.