Avto

O‘zbekistonda yengil avtomobillar ishlab chiqarish hajmi deyarli 3 foizga oshdi

Joriy yilda avtomobil ishlab chiqarish hajmi 9,2 ming donaga ortgan
Foto: Olke.az

Joriy yilning yanvar – oktabr oylarida respublikada yengil avtomobillar ishlab chiqarish hajmi o‘tgan yilga nisbatan deyarli 3 foizga ortgan. Bu haqda Statistika agentligining hisobotida ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, 2024-yilning yanvar – oktabr oylarida 317,6 ming dona yengil avtomobil (maxsus yengil avtomobildan tashqari) ishlab chiqarilgan. Ushbu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davrida 308,4 ming donani tashkil qilgan.

Bundan tashqari, avtomobil dvigatellari ishlab chiqarish hajmi o‘tgan yilda 206,1 ming donani tashkil qilgan bo‘lsa, joriy yilda ushbu ko‘rsatkich 214 ming donaga yetgan. Dvigatel ishlab chiqarish hajmi o‘tgan yilga nisbatan 3,8 foizga yoki salkam 8 mingga oshgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq «Kursiv» O‘zbekistonda Chery avtomobillarining ishlab chiqarilish hajmi 30 foizga kamaygani haqida xabar bergan edi.