Yangiliklar

Permdan O‘zbekistonga yangi aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yiladi

Toshkent, Samarqand va Namangan shaharlariga
Foto: Alptrum/Depositphotos.com

Rossiyaning uchta aviakompaniyasi Perm shahridan O‘zbekistonning turli shaharlariga parvozlarni amalga oshirish uchun ruxsat oldi. Bu haqda Business Class Rosaviatsiyaga tayanib ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, Nordwind Airlines va Red Wings Samarkandga muntazam ravishda haftasiga ikki marta to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar amalga oshiradi. Shu bilan birga, ЮВТ Аэро aviakompaniyasiga Permdan Toshkentga haftasiga uch marta vaqtinchalik parvozlar uchun ruxsat berildi.

Avvalroq Permdan O‘zbekiston shaharlari bilan yagona to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnov Uzbekistan Airways tomonidan haftasiga bir marta Namanganga amalga oshirilardi.

Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, yangi reyslar turistik va ishbilarmonlik safarlari uchun katta talabga ega bo‘ladi. Bu, ayniqsa, Yevropa Ittifoqi davlatlariga viza olishdagi qiyinchiliklar fonida Markaziy Osiyoga qiziqish ortayotgan rossiyalik turistlar uchun muhimdir.

Bundan tashqari, O‘zbekiston va Perm o‘lkasi o‘rtasida yog‘och, sellyuloza-qog‘oz mahsulotlari, texnika va yoqilg‘i eksportiga asoslangan keng ko‘lamli savdo aloqalari mavjud.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Farg‘ona xalqaro aeroportida vaqtinchalik cheklovlar joriy qilingani haqida xabar bergan edik.