Samarqand viloyatiga $1,85 milliard investitsiya jalb qilinadi – prezident
Shavkat Mirziyoyev Samarqand viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.
Yig‘ilishda viloyatni investitsiya jalb qilish va yangi loyihalarni amalga oshirish orqali yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Kelgusi yilda viloyatda $1,85 milliard investitsiya o‘zlashtirilib, 20 mingta ish o‘rni yaratish, 1,2 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish rejalashtirilgan. «Chimboyobod» hududida maxsus sanoat zonasi, Darg‘om kanali bo‘yida turistik yo‘lak va boshqa yirik loyihalar amalga oshiriladi.
Bulung‘ur, Ishtixon va boshqa hududlarda qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, uzumchilikni yaxshilash va eksport hajmini oshirish bo‘yicha takliflar bildirildi. Samarqand viloyatida innovatsion texnologiyalarni joriy qilish va yangi ishlab chiqarish korxonalarini tashkil etish orqali iqtisodiy faollikni oshirish vazifasi qo‘yildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Andijon viloyatida $3,1 milliard investitsiya jalb qilinishi haqida yozgan edik.