Davlat aktivlarini xususiylashtirish jarayonlari doirasida Lotte City Hotel Tashkent Palace va International mehmonxonalari ochiq savdolar orqali sotildi. Bu haqda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi xabar berdi.
Lotte City Hotel Tashkent Palace
Xususiylashtirish jarayoni Davaktiv agentligi va xalqaro konsalting kompaniyalari – KPMG va Deloitte yordamida amalga oshirildi. Savdolarda 15 nafar xalqaro va mahalliy investorlar ishtirok etdi.
Yakuniy bosqichda 3 nafar talabgor taklif berdi. G‘olib sifatida «Alfa Invest Sug‘urta Kompaniyasi» AJ tanlandi. Kompaniya mehmonxona uchun $20 million to‘lovini to‘lash sharti bilan savdo g‘olibi, deb topildi.
Qayd etilishicha, yangi investor zimmasiga mehmonxonaning tashqi arxitekturasini saqlash shartlariga qat’iy rioya qilishi belgilangan.
International mehmonxonasi
Davaktiv agentligi Deloitte va Ernst & Young kompaniyalari bilan hamkorlikda mehmonxonaning xususiylashtirish jarayonlarini o‘tkazdi. Mehmonxonaga olti nafar xalqaro hamda mahalliy investorlar qiziqish bildirdi, oxirgi bosqichda uch nafar talabgor qatnashdi.
Savdo g‘olibi sifatida «Smart Fast Stroy” MChJ $26 mln miqdoridagi taklifi bilan tanlandi. Shuningdek, investor mehmonxonaning 14,7 mln yevro miqdoridagi kredit qarzdorligini ham o‘z zimmasiga oldi.
Mazkur mehmonxonalarni sotish jarayoni Davlat aktivlarini xususiylashtirish komissiyasi tomonidan ma’qullandi.
Ma’lumot uchun, «Alfa Invest Sug‘urta Kompaniyasi» AJ – O‘zbekistondagi yetakchi sug‘urta kompaniyalaridan biri bo‘lib, xalqaro reytingi «B2» darajasida.
Shuningdek, «Smart Fast Stroy» MChJ esa xalqaro savdo va qurilish sohasida faoliyat yurituvchi yirik kompaniya hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kursiv Uzbekistan Davaktiv «Yoshlik» sport majmuasini xususiylashtirish jarayonini boshlagani haqida xabar bergan edi.