«Vatandosh» guvohnomasi va kartasi joriy etildi
Shavkat Mirziyoyev xorijdagi vatandoshlarni qo‘llab-quvvatlash va ularni yurt atrofida birlashtirishga qaratilgan yangi qarorni imzoladi. Bu haqda O‘zA ma’lum qildi.
Ushbu qarorga muvofiq, vatandoshlarga qo‘shimcha huquq va imtiyozlar beradigan «Vatandosh» guvohnomasi hamda «Vatandosh» kartasi joriy etiladi.
«Vatandosh» guvohnomasi xorijda yashovchi vatandoshlarning iqtisodiy va ijtimoiy faol ishtirokini tasdiqlaydi hamda «Vatandosh» kartasini olish uchun asos bo‘ladi. «Vatandosh» kartasi 5 yilgacha muddatga ID-karta shaklida rasmiylashtiriladi va quyidagi imtiyozlarni beradi:
- O‘zbekistonga vizasiz kirish va chiqish huquqi;
- Yashash guvohnomasisiz ishlash imkoniyati;
- Ko‘chmas mulk sotib olishda cheklovlarning bekor qilinishi;
- Tibbiy, ta’lim va davlat xizmatlaridan O‘zbekiston fuqarolari shartlarida foydalanish.
Ushbu hujjatlar O‘zbekiston iqtisodiyoti va xalqaro imijiga hissa qo‘shgan vatandoshlarga topshiriladi. Mazkur qaror vatandoshlar bilan hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan tizimli ishlarning mantiqiy davomidir.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda qurilish pasportlariga QR kodlar qo‘shilishi haqida yozgan edik.