Bahodir Jalolov havaskor boksdagi faoliyatini rasman yakunladi
O‘zbekistonlik ikki karra Olimpiya chempioni Bahodir Jalolov o‘z faoliyatini havaskor boksda yakunlashga qaror qildi. Bu haqda Milliy olimpiya qo‘mitasi (MOQ) xabar berdi.
Qo‘mitaning qo‘shimcha qilishicha, Jalolov endi professional boksdagi yutuqlariga e’tibor qaratadi. Sportchining so‘zlariga ko‘ra, uning professional boksdagi chempionlik jangi bir necha oydan bir necha yilgacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida bo‘lishi mumkin.
Shuningdek, Jalolov terma jamoada oʻz oʻrnini kim davom ettirishi haqidagi savolga Jahongir Zokirovni munosib nomzod deb aytdi.
«Shaxsan oʻz fikrimni aytadigan boʻlsam, Jahongir Zokirov asosiy bokschiga aylansa kerak. Unda bu uchun barcha imkoniyat, kuch va texnika yetarlicha. Uning kelgusi Olimpiadada ham natija koʻrsatishiga ishonaman», – dedi u.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 2024-yil avgust oyida Jalolov ikkinchi Olimpiya oltinini qo‘lga kiritgani haqida yozgan edi.