Namanganda yashovchi shaxs to‘rt nafar fuqaroni Buyuk Britaniyaga ishga yuborish uchun firibgarlik yo‘li bilan pul olgan vaqtida qo‘lga olindi. Bu haqda DXX matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, DXX hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan hamkorlikda o‘tkazilgan tadbirda Namangan viloyatining Kosonsoy shahrida yashovchi 1998-yilda tug‘ilgan shaxs Samarqand viloyatida istiqomat qiluvchi to‘rt nafar fuqaroning ishonchiga kirib, ularga Buyuk Britaniyaga ishga joylashishda yordam berishini va’da qilgan.
Shundan so‘ng gumonlanuvchi zarur hujjatlarni rasmiylashtirish hamda viza olishda yordam berishini aytib, buning evaziga $12 ming olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.
Hozirda mazkur holat yuzasidan firibgarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) 3-qismi «a» bandi va 28, 211-moddasi 2-qismi «b» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kursiv Uzbekistan Amerikaga yuborish bilan bog‘liq firibgarlik holatlariga chek qo‘yilgani haqida xabar bergan edi.