Xalqaro valyuta jamg‘armasi Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo boʻyicha departament direktori Jihod Azurning ta’kidlashicha, Markaziy Osiyo va Kavkaz mintaqalari Oʻrta koridorning eng muhim savdo yoʻnalishlariga aylandi. Bu haqda Tazabek nashri xabar berdi.
Uning ta’kidlashicha, bu mintaqa davlatlari Sharq va Gʻarbni bogʻlagani sababli strategik ahamiyatga ega.
«Jamg‘arma iqtisodiyotda mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlaydi», – dedi Azur.
Eslatib o‘tamiz, 2023-yilda O‘zbekiston hukumati O‘rta koridorni Transafg‘on magistrali bilan integratsiya qilishga qiziqish bildirgan edi.
Ma’lumot uchun, O‘rta koridor 2017-yildan beri ishlab kelmoqda. Bu yo‘nalish 20 – 25 kun ichida Xitoydan Yevropa davlatlariga yuk tashish imkonini beradi. Uning o‘tkazish hajmi yiliga 10 million tonnaga baholanmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan O‘zbekiston Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga Oʻrta koridor orqali Bolgariyadan yuk tashish hajmini oshirishni maqsad qilayotgani haqida yozgan edi.