Ilon Maskning Neuralink kompaniyasi oʻz ishlab chiqargan miya chiplarini Kanadada klinik sinovdan oʻtkazishi haqida ma’lum qildi. Bu AQShdan tashqaridagi birinchi sinov boʻladi, deb xabar berdi Bloomberg agentligi.
Sinovlarning muddati hozircha aniqlanmagan boʻlsa-da, Kanadaning University Health Network klinikasi sinov uchun joy sifatida belgilandi. Mahalliy nazorat organlari bilan kelishuvga erishildi. Hozirda Neuralink kompaniyasi bosh miyaning lateral amiotrofik sklerozi tashxisi qoʻyilgan bemorlarni sinovda ishtirok etish uchun jalb etmoqda.
Maskning ta’kidlashicha, kompaniyaning maqsadi miya kasalliklarini davolash uchun moʻljallangan qurilmalarni yaratish, kelajakda esa insonni takomillashtirishdir.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Neuralink tomonidan bemorga birinchi miya chipi 2024-yil boshida o‘rnatilgani, ikkinchi xuddi shunday operatsiya avgust oyida o‘tkazgani haqida yozgan edi.