TBC Bank Uzbekistan kichik biznesni kreditlash uchun YTTBdan $10 mln oladi
Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YTTB) TBC Bank Uzbekistan’ga kichik biznesni kreditlash, ayollar va yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash uchun kredit ajratadi. Bu haqda moliyaviy institut matbuot xizmati xabar berdi.
Kredit miqdori $10 millionni tashkil etadi. Kelishuvga ko‘ra, mablag‘ning kamida 65 foizi yosh tadbirkorlarga ajratiladigan kreditlarga yo‘naltiriladi.
Shuningdek, kredit oluvchilarning kamida 40 foizi O‘zbekistonning turli hududlaridagi ayol tadbirkorlar bo‘lishi rejalashtirilgan.
YTTB, qulay kreditlar orqali kichik biznesning o‘sishini rag‘batlantirish, yoshlar va ayollarning tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash imkoniyatlarini yaratishga umid qilmoqda.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston ketma-ket to‘rt yil davomida YTTBdan eng ko‘p moliyalashtirish olgan davlat bo‘lmoqda. Hamkorlik davomida bank respublika hududidagi 167 loyihaga qariyb 5 milliard yevro investitsiya kiritdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kursiv Uzbekistan YTTB O‘zbekistonga «yashil iqtisodiyot»ni rivojlantirish uchun $200 mln ajratishi haqida xabar bergan edi.