Investitsiyalar

O‘zRTXB aksiyalari savdosi qachon qayta tiklanishi ma’lum bo‘ldi

19-noyabrda to‘xtatilgan edi
Foto: Pexels.com

2024-yil 26-noyabr, seshanba kunidan boshlab «O‘zRTXB» AJ aksiyalari savdosi qayta tiklanadi. Bu haqda KapDepo kompaniyasi ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, aksiyalar savdosi 19-noyabrda emitentning qo‘shimcha aksiyalarni joylashtirish bilan bog‘liq korporativ harakatlari sababli to‘xtatilgan edi.

Savdo qayta boshlangach aksiyadorlar har bir mavjud aksiya uchun qo‘shimcha 4 ta aksiya olishadi. Bu esa muomaladagi aksiyalar sonini oshiradi va aksiyalar qiymatini 5 baravarga, ya’ni har bir aksiya uchun 15 399 so‘mdan 3 079,8 so‘mgacha kamaytiradi.

Yangilangan prognozlarga ko‘ra, aksiyalarning o‘rta muddatli qiymati har bir aksiya uchun 3 663,6 so‘mgacha o‘sishi kutilmoqda, bu SPO joylashtirish narxidan 42 foiz yuqori. Tahlilchilar bu o‘sishni kompaniyaning kuchli moliyaviy ko‘rsatkichlari, SPO’dagi talabning yuqoriligi va yangi yil rallisiga bog‘lashmoqda.

Aksiyadorlar uchun bu imkoniyat yuqori rentabellikka erishish ehtimolini oshiradi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zRTXB aksiyalarini SPO’da sotishdan davlat 42,9 milliard so‘m daromad olgani haqida xabar bergan edik.