Nodavlat maktabgacha va maktab tashkilotlari barcha turdagi soliq va yig‘imlardan ozod qilinadi
2030-yil 1-yanvargacha nodavlat maktabgacha ta’lim va umumiy oʻrta ta’lim tashkilotlari barcha turdagi soliq va yigʻimlardan (ijtimoiy soliqdan tashqari) ozod qilinadi. Bu haqda prezidentning tegishli qarori qabul qilindi.
Shuningdek, qonunga koʻra, ushbu tashkilotlarda faoliyat yuritayotgan chet ellik oʻqituvchilar va mutaxassislar jismoniy shaxslar uchun olingan daromad soligʻi va ijtimoiy soliq toʻlamaydi.
Shu bilan birga, 2030-yil 1-yanvargacha nodavlat ta’lim tashkilotlariga quyidagi Oʻzbekistonda ishlab chiqarilmaydigan tovar jihozlariga bojxona toʻlovlari toʻlanmaydi (bojxona rasmiylashtiruvi uchun yigʻimlar bundan mustasno):
- zamonaviy oʻquv va laboratoriya uskunalari;
- kompyuter texnikasi va dasturiy mahsulotlar;
- oʻquv va ilmiy-metodik adabiyotlar, asboblar va materiallar.
Bundan tashqari, kelasi yildan boshlab nodavlat ta’lim tashkilotlariga doimiy ishga jalb etiladigan pedagog xorijiy mutaxassislarga «A-2» oʻqituvchilar vizalari berilishi yoʻlga qoʻyiladi.
Davlat va nodavlat ta’lim tashkilotlari tomonidan xorijdan jalb qilingan mutaxassislarga ishlash huquqini beruvchi tasdiqnomalar uchun yigʻim miqdori, birinchi navbatda, BHMning 30 baravaridan 1 baravariga qisqartiriladi.
Avvalroq «Kursiv» Oʻzbekistonda bolalar bogʻchalarida inklyuziv guruhlar tashkil etishi haqida xabar bergan edi.