Toshkentda pullik avtoturargohlarni tashkil etish bo‘yicha o‘tkazilgan auksionda Balcomuz kompaniyasi g‘olib bo‘ldi. Bu haqda E-auksion portali xabar berdi.
25-noyabr kuni onlayn auksionda umumiy uzunligi 111,6 km boʻlgan pullik avtoturargohlar tashkil etish uchun yer maydonchalari sotuvga qoʻyildi. Ushbu maydonchaning narxi kimoshdi savdosida 57,2 mlrd soʻmdan boshlangan bo‘lsa, Balcomuz kompaniyasi 120,1 mlrd soʻmga sotib oldi.
Korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat registri ma’lumotlariga ko‘ra, Balcomuz 2020-yil yanvar oyida ro‘yxatdan o‘tgan. Joriy yilning 25-noyabr holatiga ko‘ra, kompaniyadagi ulushning 60 foizi Yaponiyaning Balcom kompaniyasiga, qolgan 40 foizi turli aksiyadorlarga tegishli.
O‘zbekistonda ushbu kompaniya Central Park, Flamingo restorani, TheBani hammom majmuasi kabi loyihalarni amalga oshirdi.
Eslatib o‘tamiz, oktabr oyida poytaxt hokimligi 84 mingta avtoturargoh qurish haqida ma’lum qilgan edi. Ularni ijaraga berishdan tushgan mablag‘larni yo‘l qurilishi va shahar transportini rivojlantirishga yo‘naltirish rejalashtirilgan.
Birinchi bosqichda hokimlik Toshkent shahrida 14 mingta avtoturargoh tashkil etishni rejalashtirmoqda. Ular kuzatuv kameralari va avtomatlashtirilgan to‘lov tizimi bilan jihozlanadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkentdagi Askiya bozori eko-bozorga aylantirilishi haqida yozgan edi.