Eron Yevropa davlatlari bilan yadro dasturi bo‘yicha muzokaralar olib boradi
Eron Buyuk Britaniya, Fransiya va Germaniya bilan mintaqaviy va xalqaro dolzarb masalalarni muhokama qilish uchun muzokaralar o‘tkazadi. Bu haqda Eronning ISNA nashri xabar berdi.
Eron Tashqi ishlar vazirligi vakili Ismoil Bag‘oyning ma’lum qilishicha, Eron va Yevropa uchligining tashqi ishlar vazirlar o‘rinbosarlari joriy yil 29-noyabr kuni yig‘ilish o‘tkazadi. Uchrashuvda Falastin va Livan kabi mintaqaviy masalalar hamda Erondagi tinch atom dasturi muhokama qilinadi.
Mazkur uchrashuv sentabr oyida BMT Bosh Assambleyasi doirasida Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tgan avvalgi muzokaralarning davomi sifatida tashkil etilmoqda.
Shuningdek, Yaponiya OAV ma’lumotlariga ko‘ra, Eron Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya va Yevropa Ittifoqi bilan 2015-yilda imzolangan yadroviy kelishuvni qayta tiklash yo‘llarini izlash bo‘yicha alohida muzokaralar olib boradi.
Ma’lumot uchun, AQSh 2018-yilda ushbu kelishuvdan bir tomonlama chiqib ketgan va Eronga nisbatan og‘ir iqtisodiy sanksiyalarni qayta joriy qilgan edi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eron hijobga kirishdan bosh tortgan ayollar uchun maxsus ruhiy kasalxona ochishi haqida yozgan edik.