Kelgusi yilda 4,8 million gektarda ekinlar yetishtiriladi
Shavkat Mirziyoyev oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va hosildorlikni oshirishga qaratilgan rejalar bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, davlat rahbari aholi sonining o‘sishi va cheklangan tabiiy resurslar sharoitida ichki bozorni barqarorlashtirish uchun innovatsion yondashuvlar zarurligini ta’kidladi. Kelgusi yilda 4,8 mln gektar yerda ekinlar yetishtirilishi, ulardan katta qismi meva-sabzavot va boshqa zarur mahsulotlarga ajratilishi rejalashtirilgan.
Tomorqalardan samarali foydalanish, texnologik yangiliklar joriy etish va dehqonlarning zararini sug‘urta qilish bo‘yicha yangi qonun loyihasi ishlab chiqildi.
Shuningdek, xorijiy tajribani o‘rganish va zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish bo‘yicha topshiriqlar berildi. Chet ellik mutaxassislar bilan «Qishloq xo‘jaligi tavakkalchiliklarini sug‘urta qilish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ishlab chiqildi. Bu qonun orqali dehqon va fermerlarning iqtisodiy himoyasi ta’minlanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yandex Toshkentda Lavka tezkor oziq-ovqat yetkazib berish xizmatini ishga tushirgani haqida yozgan edik.