Prezident administratsiyasi Axborot siyosati departamentining sobiq rahbari Komil Allamjonovga uyushtirilgan suiqasd bilan bogʻliq yetti nafar shaxs aniqlandi, ulardan besh nafari hibsga olingan, ikki nafari esa qidiruvda. Bu haqda Bosh prokuratura axborot xizmati xabar berdi.
Qidiruvdagi shaxslardan biri Qozogʻistondan topilib, tergov jarayoniga jalb qilindi. Shuningdek, Janubiy Koreyada qoʻlga olingan jinoyatchi Oʻzbekistonga ekstraditsiya qilindi.
Hodisa sodir boʻlgan joy, ayblanuvchilar boshqargan avtomashinalar va ular istiqomat qilgan xonadonlarda tintuv oʻtkazilib, muhim ashyoviy dalillar aniqlandi. Tergov harakatlari davom etmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Komil Allamjonovga suiqasd uyushtirganlardan biri qo‘lga olingani haqida yozgan edi.