Raqobat qoʻmitasi klaster korxonasining birja savdolarida qonun buzilishini aniqladi
Samarqand viloyatidagi «Payariq Claster» MCHJning 2022–2023-yillarda birja savdolari talablarini chetlab o‘tib, mahsulotlarni to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar asosida sotganligi aniqlandi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, 259,1 tonna paxta yog‘i, 890,5 tonna paxta shroti va 418,9 tonna paxta sheluxasi kabi mahsulotlar birja savdolariga chiqarilmagan. Ushbu holatlar natijasida birja narxlari bilan taqqoslaganda mahsulot narxlari yuqoriroq bo‘lgan va jami 1,9 mlrd so‘mlik tafovut yuzaga kelgan.
Raqobat qo‘mitasi tekshiruvi asosida «Payariq Claster» MCHJga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, qonunbuzilishlarni bartaraf etish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar ko‘rildi.
Shuningdek, kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan majburiy ko‘rsatmalar berildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Raqobat qo‘mitasi biologik faol qo‘shimchalar bo‘yicha ogohlantirish bergan edi.