Pokiston hukumati sobiq bosh vazir Imron Xon tarafdorlarining norozilik namoyishlariga tayyorgarlik ko‘rayotganliklari sababli ayrim hududlarda mobil aloqa va internet xizmatlariga cheklov kiritdi. Bu haqda Associated Press nashri xabar berdi.
Unga ko‘ra, mamlakat Ichki ishlar vazirligi va hukumati rasmiy e’lonni X ijtimoiy tarmog‘i orqali e’lon qilgan. Qayd etish joizki, ushbu tarmoqning o‘zi Pokistonda rasman taqiqlangan. Cheklovlar davomiyligi haqida ma’lumot berilmagan, lekin boshqa hududlarda aloqa xizmatlari odatdagi tartibda ishlashi aytilgan.
Aholiga qulaylik yaratish maqsadida Nayatel telekommunikatsiya kompaniyasi mijozlariga mobil tarmoq ishlamaydigan hududlarda statsionar aloqadan foydalanishni tavsiya qilgan.
Sobiq bosh vazir va PTI partiyasi yetakchisi Imron Xon bir yildan oshiq vaqtdan beri qamoqda. Uning partiyasi unga qo‘yilgan 150 dan ortiq jinoiy ishlarni siyosiy taqiq deb atamoqda. Shunga qaramay Xon omma orasida mashhurligini yo‘qotmagan, uning tarafdorlari esa WhatsApp kabi tarmoqlardan foydalanib norozilik tadbirlarini tashkil qilishmoqda.
Pokiston hukumati Islomobodni yuk konteynerlari bilan o‘rab, shaharni Panjob va Xavber Pantunxva provinsiyalaridagi PTI tayanch nuqtalari bilan bog‘lovchi asosiy yo‘llarni yopgan. Lahorda PTI a’zolari ommaviy ravishda hibsga olinayotgan bir paytda, Peshavorda namoyishchilar Imron Xonni qo‘llab-quvvatlash maqsadida o‘z avtomobillarida Islomobodga yo‘l olishmoqda.
Ma’lumot uchun, bu kabi cheklovlar bank operatsiyalari, taksi xizmatlari va oziq-ovqat yetkazib berishda uzilishlar keltirib chiqarmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Pokistondagi temiryo‘l vokzali yaqinida portlash sodir bo‘lgan edi.