Banklar va moliya

Toshkentda Xitoy Eksimbankining mintaqaviy vakolatxonasi ochildi

Mintaqaviy ofis bankning yana 8 ta mamlakatdagi faoliyatini yuritadi
Foto: Iqtisodiyot va sanoat vazirligi matbuot xizmati

Joriy yilning 22-noyabr kuni Toshkent shahrida Xitoy Eksport-import (Eksim) banki vakolatxonasining ochilish marosimi bo‘ldi. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, Eksimbank yordamida mamlakatda kimyo sanoati, energetika, transport, IT, qishloq va suv xo‘jaligi kabi tarmoqlarda umumiy qiymati $3 mlrd.dan ortiq bo‘lgan 50 dan ko‘proq loyihalar amalga oshirilgan.

Toshkentda bank mintaqaviy ofisining ochilishi yil boshida Shavkat Mirziyoyevning bank raisi Vu Fulin bilan uchrashuvida ma’lum qilingan edi.

Vazir o‘rinbosari Ilzat Qosimov Xitoy banki faoliyatini strategik tashabbuslarni amalga oshirishni tezlashtirish va sifatini oshirishda ko‘maklashuvchi moliyaviy hamkor sifatida baholadi.

Ma’lumot uchun, Xitoy Eksim banki (China Exim Bank / The Export-Import Bank of China) 1994 yilda tashkil etilgan. Toshkentdagi mintaqaviy ofis, bankning 8 ta davlat, jumladan, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Ozarbayjon, Armaniston va Gruziyadagi faoliyatini yuritadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kursiv Uzbekistan Malayziyaga tegishli Eksimbank O‘zbekistonda islomiy bank tashkil etishi mumkinligi haqida xabar bergan edi.