Yandex Uzbekistan Toshkent shahri aholisi va mehmonlari uchun yangi Lavka tezkor oziq-ovqat yetkazib berish xizmatini ishga tushirdi. Bu haqda kompaniya Kursiv Uzbekistan’ga ma’lum qildi.
Endi foydalanuvchilar 15 daqiqada oziq-ovqat mahsulotlari, maishiy tovarlar, tayyor ovqatlar, shuningdek, yangi qaynatilgan qahvani ham buyurtma qilish imkoniyatiga ega.
Shuningdek, xizmatda uch mingdan ortiq mahsulot va 50 turdagi issiq ovqatlar mavjud bo‘lib, barcha buyurtmalar yuqori sifat nazorati va zamonaviy texnologiyalar bilan ta’minlanadi.
Bundan tashqari, kompaniya mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan hamkorlik qiladi. Xizmatdagi mahsulotlarning aksariyati mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan taqdim etiladi. Xizmat turida kuryerlar buyurtmalarni piyoda, velosipedda (shu jumladan elektr velosipedlarda) yoki avtomobilda yetkazib beradi. Barcha kuryerlar baxtsiz hodisalardan sug‘urtalangan.
«Hozirda buyurtmalar Nukus, Arnasoy ko‘chalari va Chilonzor massivida joylashgan uchta darkstor orqali yetkazib beriladi. Ularning har biri esa darkkitchenlarga ega. 2025-yil oxirigacha poytaxtda yana 12ta darkstor ochish rejalashtirilgan», — deyiladi xabarda.
Lavka xizmatining ish boshlashi bilan 160 dan ortiq ish o‘rni yaratilgan bo‘lib, 2025-yil oxirigacha yangi omborlar ochilishi bilan yana 500 dan ortiq ish o‘rni yaratiladi. Yangi foydalanuvchilar uchun birinchi buyurtmaga chegirma taqdim etiladi va birinchi uchta buyurtma bepul yetkazib beriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kursiv Uzbekistan Yandex Go taom yetkazib berish xizmati Nukusda ham ishga tushurilgani haqida xabar bergan edi.