O‘zbekiston ravvin Svi Koganning o‘ldirilishi bo‘yicha tergovda Isroil va BAA bilan yaqindan hamkorlik qilmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov ma’lum qildi.
«O‘zbekiston xalqi barcha din va elat vakillariga azaldan do‘stona munosabatda bo‘lib kelgan. Biz millatchilikning hech qanday ko‘rinishiga toqat qilmaganmiz va bundan keyin ham toqat qilmaymiz. Terrorizm va ekstremizmning chegarasi va millati yo‘q», – deb yozgan Saidov o‘zining Telegram kanalida.
Shuningdek, Saidov Isroilning O‘zbekistondagi elchisi Gideon Lustig bilan uchrashuvda voqea munosabati bilan hamdardlik bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, BAAda ravvin Svi Kogan o‘ldirilishida gumonlanib, uch nafar O‘zbekiston fuqarosi qo‘lga olingan edi. U Chabad diniy tashkilotning Abu-Dabidagi bo‘limi vakili edi.
Avvalroq «Kursiv» O‘zbekistonning BAAdagi Bosh konsulligi Svi Kogan ishi bo‘yicha O‘zbekiston fuqarolarining hibsga olinishiga izoh bergani haqida yozgan edi.