Janubiy Koreyaning AHA Co. Ltd kompaniyasi Fargʻona viloyatida elektromobillar uchun quvvatlash stansiyalari hamda maktablar uchun smart doskalarni ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyadi. Bu haqda viloyat hokimligi axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, mazkur tashabbus viloyat hokimi Xayrullo Bozorovning Janubiy Koreyaga tashrifi doirasida qabul qilindi va u yerda hamkorlik memorandumi imzolandi.
«Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov Farg‘onada loyihalarni amalga oshirish uchun zarur sharoitlar yaratib berilishini, hamkorlikka tayyorligini aytib o‘tdi», – deyiladi xabarda.
1995-yilda tashkil etilgan AHA Co., Ltd kompaniyasi ta’lim texnologiyalari, sogʻliqni saqlash va elektromobillar uchun zaryadlovchi qurilmalar ishlab chiqarish sohasidagi faoliyati bilan tanilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan koʻp qavatli uylar yaqinida elektromobillarni quvvatlash stansiyalari oʻrnatilishi haqida xabar bergan edi.