Yangiliklar

Janubiy Koreyada ish joyini tashlab ketgan o‘zbekistonliklar jarimaga tortiladi

$2 ming miqdorida
Foto: O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati

Janubiy Koreyaga E-9 vizasi bilan ketgan yurtdoshlar ish joyini tashlab ketgan taqdirda jarimaga tortiladi. Bu haqda Respublika Migratsiya agentligi xabar berdi.

Janubiy Koreyaga ketishdan oldin uch tomonlama shartnoma tuzilib, ishchilardan tilxat olinadi, shuningdek, ularning yaqinlaridan kafillik talab qilinadi.

Agar o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari asossiz ravishda ish joyini tark etib, rasmiy bo‘lmagan faoliyat bilan shug‘ullansa, ularga har oy $2 ming miqdorida jarima solinadi. Bu kabi harakatlar nafaqat qonun buzilishiga, balki boshqa salbiy oqibatlarga ham olib kelishi mumkin.

«Mana shunday holat joriy yilning 11-noyabr kuni joʻnab ketgan yurtdoshlarimiz bilan sodir boʻldi. Ikki nafar yurtdoshimiz Koreyada ish boshlaganining birinchi haftasida oʻz ish joyini tashlab ketgan», – deb xabar bermoqda Migratsiya agentligi.

E-9 vizasi xorijiy fuqarolarga Janubiy Koreyaning qishloq xo‘jaligi, qayta ishlash sanoati va qurilish sohasidagi korxonalarda ishlash imkonini beradi. Bu viza doirasida ishga qabul qilish markazlari orqali ariza topshirilib, mehnat muhojiri bilan shartnoma imzolanadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kursiv Uzbekistan Janubiy Koreyada E-9 va H-2 vizalari asosida ishlagan o‘zbekistonliklar jami $1,37 milliard miqdorida daromad olgani haqida xabar bergan edi.