Pokistonda ommaviy to‘qnashuv yuz berdi
26-noyabr kuni Pokiston poytaxti Islomobodda sobiq bosh vazir Imron Xonning ozod etilishini talab qilgan namoyishchilar va xavfsizlik kuchlari parlament binosi oldida to‘qnash kelishdi. Bu haqda Urdu point axborot nashri xabar bermoqda.
Shahar shifoxonalarining ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu to‘qnashuvlar oqibatida kamida olti kishi halok bo‘lgan va taxminan 50 kishi jarohat olgan. Mahalliy hukumatning xabariga ko‘ra, to‘rt nafar xavfsizlik xodimi ham qurbon bo‘lgan. Ichki ishlar vaziri Mohsin Naqvi namoyishchilar bilan muzokaralar o‘tkazmaslikni buyurdi. To‘qnashuvlar davomida ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz qo‘llanilgan.
Qamoqda saqlanayotgan Imron Xon o‘z tarafdorlarini talablari bajarilmaguncha ko‘chalarni tark etmaslikka undadi. Sobiq bosh vazir ijtimoiy tarmoqlarda namoyishchilarga «o‘z huquqlarini himoya qilish» va «tinch namoyishlarda qatnashish» haqida murojaat qildi.
Imron Xonning partiyasi, «Adolat harakati»ning tarafdorlari, xavfsizlik kuchlari bilan to‘qnashuvlardan qo‘rqmasliklarini bildirishmoqda.
Vaziyatni nazorat qilish va strategik obyektlarni himoya qilish uchun harbiy kuchlar prezident saroyi, Bosh vazir idorasi, Ichki va Tashqi ishlar vazirliklari hamda boshqa muhim joylar joylashgan «qizil zona»ga joylashtirildi.
Ma’lumot uchun, Imron Xon 2018-yildan 2022-yilgacha Pokiston bosh vaziri lavozimida faoliyat yuritgan. Parlamentda unga qarshi ishonchsizlik votumi qabul qilinishi ortidan u lavozimidan chetlashtirilgan. O‘shandan buyon unga qarshi 50 dan ortiq jinoiy ish, jumladan terrorizm bo‘yicha ayblovlar qo‘zg‘atilgan.
Sobiq bosh vazirga avvalroq jinoiy daromadlarni legallashtirishda ayblanib 3 yil, davlat sirlarini oshkor qilganlik uchun 10 yil va korrupsiya ishi bo‘yicha 14 yil qamoq jazosi tayinlangan edi. U va uning rafiqasi barcha ayblovlarni rad etib, ularni siyosiy motivlarga asoslangan deb atashgan. Xonning partiyasi ham bu ayblovlarni soxta deb hisoblamoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Pokistonda namoyishlar sabab mobil aloqa va internet cheklangani haqida yozgan edik.