Xitoyning Shandun provinsiyasidagi sud «Xitoy banki» sobiq raisi Lyu Lianjga pora olish va noqonuniy kredit berish ayblovi bilan shartli ravishda o‘lim jazosi hukmini chiqardi. Bu haqda Reuters axborot agentligi ma’lum qildi.
Hukmga ko‘ra, Lyu ikki yillik sinov muddati bilan o‘lim jazosi olgan. Agar shu davrda boshqa jinoyat sodir etmasa, jazosi umrbod qamoq jazosiga almashtiriladi.
Lyu Lianj 1961-yilda tug‘ilgan bo‘lib, uzoq vaqt davomida Xitoy xalq banki va Xitoy Eksport-Import bankida yuqori lavozimlarda ishlagan. 2019-yilda u «Xitoy banki» raisi lavozimiga tayinlangan edi. Ammo o‘tgan yilning oktabr oyida Xitoy Kommunistik partiyasi tomonidan noqonuniy faoliyat va pora olish ayblovi bilan partiyadan chiqarilgan.
Davlat telekanali CCTVning ma’lumotiga ko‘ra, Lyu xizmat mavqeidan foydalanib, ko‘plab odamlarga lavozimlar berishga yordam bergan va 121 mln yuandan ($17 mln) ortiq miqdorda pora olgan. Shu bilan birga, u ishlagan davrda 3,32 mlrd yuan miqdoridagi noqonuniy kreditlar tasdiqlangan bo‘lib, bu 190 mln yuan miqdorida moliyaviy zarar keltirgan.
Sudning ta’kidlashicha, Lyu jinoyatini to‘liq tan olgan va noqonuniy orttirilgan mablag‘larning ko‘p qismi qaytarilgan. Shu sababli o‘lim jazosi darhol ijro etilmaydi.
Bu hukm Xitoyning korrupsiyaga qarshi kurashi doirasidagi so‘nggi choralardan biridir. Oxirgi oylarda moliyaviy sektorni qamrab olgan bu kampaniya davomida Lyu bilan birga Markaziy bank sobiq rais o‘rinbosari Fan Yifei ham ikki yillik shartli o‘lim jazosi bilan hukm qilingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQShda ikkinchi bor o‘lim jazosi amalga oshirilgani haqida yozgan edik.