Janubiy Koreyada kuchli qor yog‘ishi hayotning turli sohalariga jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Bu haqda Reuters axborot agentligi ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, Seulda qor qatlami 40 sm dan oshib, bu shaharda 1907-yildan beri qayd etilgan uchinchi eng qalin yog‘in bo‘ldi. Og‘ir ob-havo sharoiti sababli 140 dan ortiq reyslar bekor qilindi, parom va poezd qatnovlari to‘xtatildi, maktablar yopildi.
Yog‘ingarchilik oqibatida sodir bo‘lgan avariyalarda kamida to‘rt kishi halok bo‘ldi va o‘nlab odamlar jarohatlandi. Seuldagi Incheon aeroportida reyslar o‘rtacha ikki soat kechikdi.
Mutaxassislarning fikricha, bu hodisa iliq dengiz suvlarining sovuq havo oqimlari bilan to‘qnashuvi natijasida yuzaga kelgan. Qo‘shni Shimoliy Koreyada ham qalin qor yog‘gani kuzatilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Indoneziyada vulqon otilishi natijasida 10 ming kishi jabr ko‘rgani haqida yozgan edik.