Yangiliklar

Poytaxt jamoat transporti 24 soatlik rejimga o‘tkazilishi mumkin

«Tungi Toshkent» elektron platformasi yaratiladi
Foto: Transphoto.com

Buyuk Britaniya, AQSh, BAA va Avstraliya kabi davlatlarning tajribasi o‘rganilib, O‘zbekistonda tungi iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi. Bu borada Strategik islohotlar agentligi tadqiqot olib bordi.

Unga ko‘ra, xorijiy davlatlarda tungi iqtisodiyot sezilarli darajada iqtisodiyotga foyda keltirib, yillik milliardlab dollar tushumlar bilan ajralib turadi. Masalan, Londonda bu ko‘rsatkich $44 mlrd.ni tashkil etadi.

Xorijiy shaharlarda ko‘ngilochar maskanlar 24 soat faoliyat yuritish huquqiga ega bo‘lib, xavfsizlikni ta’minlash uchun tungi patrullar va jamoat transporti tashkil etilgan. Shuningdek, «tungi hokim» lavozimi joriy etilib, iqtisodiyotni boshqarish va rivojlantirish muvofiqlashtiriladi.

Agentlik ham O‘zbekistonda tungi iqtisodiyotni rivojlantirish uchun ishchi guruh tashkil etmoqchi. Shu bilan birga, Toshkentda turistik salohiyatga ega hududlarda tungi faoliyat zonalari yaratish, jamoat transportini 24 soatlik rejimga o‘tkazish hamda «Tungi Toshkent» elektron platformasini yaratish ishlari rejalashtirilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent jamoat transportida yo‘lkira tariflari oshishi haqida yozgan edik.