Yangiliklar

Shveysariya taraqqiyot va hamkorlik agentligi Oʻzbekistonda IT ta’limni rivojlantirish uchun $150 ming grant ajratadi

Bu haqda Raqamli texnologiyalar vazirligi xabar berdi
Foto: Raqamli texnologiyalar vazirligi

Shveysariya taraqqiyot va hamkorlik agentligi (SDC) Oʻzbekistonda IT-ta’limni rivojlantirish uchun IT ta’lim uyushmasiga $150 ming grant ajratadi. Bu haqda Raqamli texnologiyalar vazirligi xabar berdi.

Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov va Shveysariyaning Oʻzbekistondagi elchixonasi missiya rahbari oʻrinbosari Andrin Fink oʻrtasidagi uchrashuv boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbekistonda IT ta’limini rivojlantirish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish va yangi loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Shveysariya taraqqiyot va hamkorlik agentligi va IT ta’lim uyushmasi oʻrtasida «Oʻzbekistonda IT va raqamli ta’lim landshaftini rivojlantirish» loyihasi boʻyicha kelishuv imzolandi. Loyiha jamiyatda inklyuziv oʻsishni ta’minlash va iqtisodiy rivojlanishni jadallashtirishga qaratilgan.

Birinchi bosqichda, raqamli ko‘nikmalarni rivojlantirish, yoshlarni malaka oshirish imkoniyatlari bilan ta’minlash va ayollar hamda olis hududlardagi yoshlarni ish bilan taʼminlash maqsad qilingan. Loyihaning boshlangʻich bosqichida aholining raqamli koʻnikmalari tahlil qilinib, bozor ehtiyojlariga mos yangi kasblar aniqlanadi va IT ta’lim resurslarini birlashtiruvchi platforma ishlab chiqiladi.

Avvalroq «Kursiv» IT Park Uzbekistanʼning eksport qamrovi 78 ta mamlakatga yetgani haqida xabar bergan edi.