Xitoy AQShning yangi saylangan prezidenti Donald Trampning Xitoy mahsulotlariga qo‘shimcha tariflar joriy etish rejasini keskin tanqid qildi. Bu haqda Reuters axborot agentligi ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, Tramp, agar Pekin fentanil ishlab chiqarishda ishlatiladigan kimyoviy moddalar eksportini nazorat qilish choralarini kuchaytirmasa, Xitoy importlariga 10% tarif qo‘llashini e’lon qilgan edi.
Xitoy Savdo vazirligi vakili Xe Yadong bir tomonlama tariflarni oshirish Amerika muammolarini hal qilmasligini ta’kidlab, AQShni WTO qoidalariga rioya qilishga va barqaror savdo aloqalarini rivojlantirishga chaqirdi.
Trampning ushbu pozitsiyasi ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo mojarolarining kuchayishi xavfini oshiradi. Tahlilchilar ushbu tariflar global iqtisodiyotga jiddiy zarar yetkazishi mumkinligini qayd etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Meksika prezidenti Trampni boj tarifini o‘zgartirish oqibatlari bilan ogohlantirgan edi.