Shavkat Mirziyoyev Buxoro viloyatining iqtisodiy salohiyatini oshirish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, uchrashuvda viloyatga jalb qilinayotgan investitsiyalar, aholi bandligi va farovonligini ta’minlash masalalari muhokama qilindi. So‘nggi yetti yilda viloyatga $4 mlrddan ortiq investitsiya kiritilgan, natijada sanoatning bir nechta tarmoqlari rivojlangan.
Yig‘ilishda viloyat iqtisodiyotining mavjud salohiyatga mos emasligi qayd etildi. Muammolarni bartaraf etish uchun hokimlar va sektor rahbarlari favqulodda ish tartibiga o‘tishi belgilandi. Shu asosda 150 ming odamni daromadli qilish, 40 ming kishini kambag‘allikdan chiqarish rejalashtirildi.
Bundan tashqari, viloyatning turli hududlarini sanoatning aniq tarmoqlariga ixtisoslashtirish orqali qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish va turizm sohasini rivojlantirish ko‘zda tutilgan. Kelgusi yilda $2 mlrdlik xorijiy investitsiya jalb etilib, 106 ta loyiha amalga oshirilishi, 105 mingta yangi ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq noyabr va dekabr oylarida O‘zbekistonga $8,6 milliard investitsiya jalb qilinishi haqida yozgan edik.