Yangiliklar

Tbilisida noroziliklar: Gruziya hukumati Yevropa Ittifoqi muzokaralarini 2028-yilgacha to‘xtatdi

Mamlakat tashkilotga iqtisodiy jihatdan kirishga «kerakli darajada» tayyorgarlik ko‘rishi zarur
Foto: Unsplash

Gruziya hukumati 2028-yil oxirigacha Yevropa Ittifoqiga a’zo boʻlish masalasini muhokama qilmasligi haqida qaror qabul qildi, deb malum qildi mamlakat bosh vaziri Irakliy Kobaxidze. Bu haqda mahalliy «Rustavi2» telekanali xabar berdi.

«Bugun biz Yevropa Ittifoqi bilan muzokaralarni 2028-yil oxirigacha boshlash masalasini kun tartibiga qo‘ymaslikka qaror qildik. Shuningdek, 2028-yilgacha biz Yevropa Ittifoqining har qanday budjet grantlaridan voz kechamiz», – dedi Kobaxidze.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu muddatga qadar mamlakat tashkilotga iqtisodiy jihatdan kirishga «kerakli darajada» tayyorgarlik ko‘rishi zarur.

«Biz Yevropa Ittifoqiga tilanchilik qilib emas, balki munosib ravishda, to‘g‘ri demokratik tizim va kuchli iqtisodiyot bilan kiramiz», – deya ta’kidladi vazirlar mahkamasi rahbari.

Xabar Tbilisida yangi noroziliklarni keltirib chiqardi. Namoyishchilar Rustaveli xiyobonini to‘sib qo‘yishdi, ularga mamlakat prezidenti Salome Zurabishvili chiqdi.

Kursiv Uzbekistan Gruziyada ommaviy noroziliklar parlament saylovlaridan keyin boshlangani haqida yozgan edi. Ularda «Gruzin orzusi» partiyasi g‘alaba qozondi, muxolifatdagi siyosiy birlashmalar bunga rozi bo‘lmadi.