Yangiliklar

Yevropa Ittifoqi uchun Oʻzbekiston bilan sheriklik toʻgʻrisidagi bitimni imzolash ustuvor vazifa – Toyvo Klaar

YI Oʻzbekistonga bojsiz savdo uchun GSP+ maqomini bergan
Foto: Alexis84/Depositphotos

Yevropa Ittifoqi (YI) yaqin kelajakda Oʻzbekiston bilan kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi bitimni imzolash masalasiga ustuvor vazifa sifatida qaraydi. Bu haqda YIning Oʻzbekistondagi elchisi Toyvo Klaar ma’lum qildi.

Yevropa Ittifoqining diplomatik missiyasi rahbari Bryussel Oʻzbekistondagi islohotlarni va savdoni qoʻllab-quvvatlashini ta’kidlab oʻtdi. Shuningdek, YI Oʻzbekistonga bojsiz savdo uchun GSP+ maqomini bergan.

Klaar boshqa tashabbuslar qatorida 2027-yilgacha mo‘ljallangan Yevropa indikativ dasturini qayd etdi. Tashabbus samarali boshqaruv, yashil iqtisodiyot va agrosektor kabi sohalarda «O‘zbekiston – 2030» strategiyasini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.

«Hozir biz yoʻlning yarmidan koʻpini bosib oʻtdik va 119 million yevrolik budjetdan 76 million yevro korrupsiyaga qarshi kurash, davlat xizmatlari sifatini oshirish va ekologik qonunchilikni mustahkamlash loyihalariga ajratildi», – dedi u.

«Global darvozalar» strategiyasi doirasida Yevropa Markaziy Osiyo davlatlari bilan iqtisodiy va energetika aloqalarini kengaytirishga e’tibor qaratadi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan AQSh O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga (JST) a’zo bo‘lishini qo‘llab-quvvatlashini yozgan edi.