Zangiota tumanida oʻzbek – turk sanoat zonasi foydalanishga topshirildi
Joriy yilning 28-noyabr kuni Toshkentda oʻzbek – turk biznes forumi boʻlib oʻtdi. Forum doirasida Zangiota tumanida «Ostim Global Sanoat Zonasi»ning ochilish marosimi tashkil etildi. Bu haqda Toshkent viloyati hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Tadbirda turk kompaniyalari yangi sanoat zonasi imkoniyatlari bilan tanishtirilib, bu yerda oʻz ishlab chiqarishlarini yoʻlga qoʻyishga taklif etildi.
«Ostim» sanoat zonasi 100 gektar maydonni egallaydi va loyihaning umumiy qiymati $150 millionni tashkil etadi. Hudud zarur muhandislik kommunikatsiyalari bilan ta’minlangan, elektr energiyasi uchun esa quyosh elektr stansiyasi qurilmoqda.
Sanoat zonasi hududida ishlab chiqarish korxonalari bilan bir qatorda savdo markazi, poliklinika, maktab, mehmonxona va ilmiy markazlar tashkil etilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, kasb-hunar kolleji orqali sanoat uchun zarur mutaxassislar tayyorlanadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkent viloyatida sakkiz milliard so‘mlik ipakchilik majmuasi qurilishi haqida yozgan edi.