Saudiya Arabistoni AQSh bilan qilingan xavfsizlik shartnomasidan voz kechdi
Saudiya Arabistoni AQSh bilan keng qamrovli mudofaa shartnomasini tuzish rejasidan voz kechib, qurolli hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan kamtarona kelishuv ustida ish olib bormoqda. Bu haqda Reuters axborot agentligi ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, bu qaror Isroilning Falastin davlati tashkil etilishiga qaratilgan aniq qadamlar tashlashiga bog‘liq.
Avvalroq Riyod Isroil bilan ikki davlat yechimi bo‘yicha majburiyat evaziga munosabatlarni normallashtirishga tayyorligini bildirgan edi. Ammo G‘azodagi zo‘ravonliklar va Yaqin Sharqdagi ommaviy noroziliklar tufayli Saudiya yana Falastin masalasini o‘z talablarining markaziga qo‘ydi.
Yangi mudofaa kelishuvida AQSh va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi harbiy mashg‘ulotlarni kengaytirish, mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash va ilg‘or qurol-yarog‘ texnologiyalarini rivojlantirish ko‘zda tutilgan. Biroq bu to‘liq mudofaa shartnomasi bo‘lmaydi.
Analitiklar kelishuv kelajagi AQSh siyosiy rahbariyati va Isroilning Falastin bo‘yicha qarorlariga bog‘liq ekanini ta’kidlashmoqda. Mintaqadagi barqarorlik uchun Falastin davlati tashkil etilishi masalasi hal qiluvchi omil bo‘lib qolmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Saudiyaning Flyadeal aviakompaniyasi Toshkentga parvozlarni yo‘lga qo‘ygani haqida xabar bergan edik.