Suriyaning Halab shahri uzoq davom etayotgan fuqarolar urushining yana bir keskin nuqtasiga aylandi. Bu haqda Reuters axborot agentligi ma’lum qildi.
Shanba kuni Hay’at Tahrir al-Sham islomiy guruhining katta hujumi natijasida o‘nlab hukumat askarlari halok bo‘ldi, isyonchilar esa shaharni egallashga muvaffaq bo‘ldi. Bu voqea so‘nggi yillarda prezident Bashar Asad rejimiga eng katta tahdid sifatida ko‘rilmoqda.
Rossiya havo kuchlari hukumat armiyasini qo‘llab-quvvatlash uchun isyonchilar pozitsiyalariga zarbalar berdi. Ammo bu yetarli bo‘lmay isyonchilar Halab aeroportini va Idlib viloyatidagi strategik Maarrat al-Numan shahrini ham qo‘lga kiritdi.
Mintaqadagi murakkab geopolitik vaziyatni hisobga olganda, bu hujumlar xalqaro hamjamiyat e’tiborini tortmoqda. Rossiya va Turkiya vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda, AQSh esa BMT rezolyutsiyasiga muvofiq siyosiy jarayonni qayta boshlashga chaqirdi.
Suriyadagi ushbu navbatdagi janglar hududdagi beqarorlikni kuchaytirib, ko‘plab tinch aholining hayotiga xavf tug‘dirmoqda. Mojaro hali qachon yakunlanishi noma’lum bo‘lib qolmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroil BMTning Yaqin Sharq bo‘yicha agentligi faoliyatiga taqiq qo‘ygani haqida yozgan edik.