Yangiliklar

Saudiya boshchiligidagi neftga boy mamlakatlar plastik ishlab chiqarishdagi cheklovlarni rad etdi

Yevropa Ittifoqi va boshqa davlatlarning sa’y-harakatlariga qaramay
Foto: Von Wang production

Janubiy Koreyaning Busan shahrida plastik ifloslanishiga qarshi kurashga bag‘ishlangan BMT sammiti muvaffaqiyatsiz yakunlandi. Bu haqda Politico axborot nashri ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, muzokaralarda davlatlar plastik ishlab chiqarishni kamaytirish va ifloslantiruvchi mahsulotlarni yo‘q qilish bo‘yicha kelishuvga erisha olmadi.

Asosiy kelishmovchilik Saudiya Arabistoni boshchiligidagi neftga boy mamlakatlarning plastik ishlab chiqarishga cheklov qo‘yishni rad etganida yuzaga keldi. Yevropa Ittifoqi va boshqa davlatlarning sa’y-harakatlariga qaramay, shartnoma qabul qilinmadi.

Plastik chiqindilarning global ifloslanishga ta’siri ortib borayotgan bir vaqtda bu muzokaralarning natijasiz tugashi muhim choralarni kechiktiradi. Kelgusi sessiyalarda muammolarni hal qilishga umid bildirilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq plastik chiqindilarni chiqarish bo‘yicha qaysi mamlakat yetakchi ekanligi haqida yozgan edik.